ОНЛАЙН ТОРГОВАЯ ПЛОЩАДКА                                     COOPERTATION PORTAL                                    E-COOPERATION.UZ                                                     

Uyushma yangiliklari

Ta’limni rivojlantirish yo’lida yangi kelishuv imzolandi

Uyushma yangiliklari

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasining «Weidong Cloud Education Group» kompaniyasi o‘rtasida onlayn videomuloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqot natijalari ko‘ra, umumiy qiymati 4 mln dollarlik “Elektron ta’lim tizimini joriy etish uchun kompyuter uskunalari ishlab chiqarishni tashkil etish to‘g‘risida”gi loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi.

Davlatimiz rahbari yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Ta’lim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, o‘qitish metodlari, ta’lim standartlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda chet eldagi ilg‘or tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy an’ana va qadriyatlarga suyanish kunning dolzarb masalasiga aylanib bormoqda. Ayniqsa, o‘qitish tizimida elektron ta’lim standartlaridan foydalanish va uni tashkil etishda kompyuter boshqaruvi uskunalarini o‘zimizda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi korxonalari ham munosib hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Yangi ta’lim texnologiyalarini o‘zimizda ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar va investorlar bilan olib borilgan uch tomonlama kelishuv va o‘zaro muloqotlar bugun dastlabki samaralarini ko‘rsatmoqda.

Xitoyning yirik «Weidong Cloud Education Group» kompaniyasi dunyoning ko‘pgina mamlakatlariga zamonaviy elektron ta’lim sistemalarini joriy etish va kompyuter uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori tajribaga ega tashkilot hisoblanadi. Kompaniya 16 ta mamlakatda faoliyat yuritib, ko‘plab yirik loyihalarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistondagi mavjud talabni qondirish maqsadida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi yana bir tashabbusga qo‘l urdi. Yangi loyiha doirasida uch tomonlama kelishuv imzolandi.

Kelishuvga ko‘ra, tomonlar aqlli sinf xonalari uchun kompyuter uskunalari va boshqa yordamchi uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihani 2020 yil oxiriga qadar amalga oshirishni boshlaydilar. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish choralari ham inobatga olingan. O‘zbekistondagi umumta’lim maktablari va o‘qituvchilarning talab va xohishidan kelib chiqib, alohida biznes-reja ishlab chiqiladi. Ishlab chiqarilayotgan uskunani keyinchalik texnik qo‘llab-quvvatlash va xizmat ko‘rsatish mas’uliyatini Xitoy tomoni o‘z zimmasiga olmoqda. Asosiy gap unda mehnat qilayotgan va servis jarayonlaridagi kadrlarni tayyorlash, stajirovka qilish va malakasini oshirish ustida bormoqda. Loyihada bu masalalar ham alohida e’tiborga olingan.

Day Shen, «Weidong Cloud Education Group» kompaniyasi Prezidenti:
– O‘zbekiston tomoni bilan ta’lim sohasida zamonaviy kompyuter qurilmalari va uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolaganimizning asosiy maqsadi ikki davlat o‘rtasida investitsiyaviy salohiyatni yuksaltirish, ta’lim tizimini yuqori sifatli texnologiyalar bilan ta’minlashdan iboratdir. Loyiha doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali ma’lum darajada mahalliylashtirish darajasiga ega kompyuter uskunalari ishlab chiqarishni boshlaymiz. “O‘zeltexsanoat” uyushmasi va Xalq ta’lim vazirligi bilan birgalikda amalga oshiradigan loyihamiz doirasida avvalo kadrlar tayyorlash tizimiga e’tibor qaratamiz. Mahsulotlarga texnik va servis xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqyapmiz. Ishonamanki, O‘zbekistonning ta’lim sohasida erishayotgan yutuqlari biz imzolagan loyiha doirasida yanada o‘z takomiliga yetadi.

Darhaqiqat, ta’lim tizimini zamonaviy elektron kompyuter qurilmalari bilan ta’minlash, o‘qitish tizimiga innovatsion texnologiyalarni qo‘llash va uni o‘zimizda mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ishlari “O‘zeltexsanoat” uyushmasi korxonalari tomonidan doimiy ravishda davom ettirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad – ertamiz egalari bo‘lgan yosh avlodni zamon bilan hamnafas bilim olishlari va innovatsion texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshirish, pirovardida ta’lim sifatini yaxshilashdan iboratdir.