ОНЛАЙН ТОРГОВАЯ ПЛОЩАДКА                                     COOPERTATION PORTAL                                    E-COOPERATION.UZ                                                     

Uyushma yangiliklari

Kichik sanoat zonalarida joylashgan korxonalar faoliyati o’rganildi

Uyushma yangiliklari

Elektrotexnika sanoati korxonalari soni ortib borishi bilan ularni qo’llab-quvvatlash, faoliyati samaradorligini oshirish ishlari hajmi ham oshib bormoqda.

“O’zeltexsanoat” uyushmasi yurtimizning turli hududlarida joylashgan korxonalar faoliyatini yaqindan o’rganib , monitoring qilib boradi.

Shunday o’rganishlardan biri, uyushmaning “Yig’ma axborot-tahlil boshqarmasi” tomonidan Toshkent viloyatining kichik sanoat zonalarida faoliyat yuritayotgan korxonalarda olib borildi.

Xususan, Toshkent viloyati O’rtachirchiq va Yuqorichirchiq tumanlarida joylashgan “Afx Clastor” MChJ, “O’rtachirchiq elektromobil zavodi” MChJ, “Elmax” MChJ korxonalarining ishlab chiqarish jarayonlari, amalga oshirayotgan loyihalari ko’zdan kechirildi.

O’rganishlar mobaynida, Uyushma ma’sullari tomonidan korxonalar mutasaddilariga sohani rivojlantirish borasida qabul qilingan qaror va imtiyozlarga oid batafsil ma’lumotlar berildi.

Quvvat manbai elektr energiyasi bo’lgan elektrobuslar va elektrotraktorlar ishlab chiqarish loyihasi “O’rtachirchiq elektromobil zavodi” MChJ korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. 2024-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan loyiha qiymati 70 mln dollarni tashkil qiladi. Loyiha amaliyotga tadbiq etilgandan so’ng 500 ga yaqin yangi ish o’rinlari yaratiladi.

“Afx Clastor” MChJ korxonasida esa yuk va yo’lovchi tashishga mo’ljallangan elektromopedlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish jarayoni ko’zdan kechirildi. 15 mln dollarlik loyiha doirasida 20 ga yaqin yangi ish o’rinlari yaratiladi. 2023-yil yakuniga qadar ishlab chiqarish jarayonlari boshlanishi kutilmoqda.

“Elmax” MChJ korxonasi transformator punktlarini ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirgan bo’lib, bugunga qadar 300 ming dollarlik investitsiya o’zlashtirilgan. 2023-yilning so’ngiga qadar yana 200 ming dollarlik sarmoya o’zlashtirilishi hisobiga ishlab chiqarish hajmini 20% ga oshirish reja qilingan.

Uyushma ma’sullari tomonidan hududlarda tashkil etilayotgan o’rganish ishlari davom etmoqda.