ОНЛАЙН ТОРГОВАЯ ПЛОЩАДКА                                     COOPERTATION PORTAL                                    E-COOPERATION.UZ                                                     

Uyushma yangiliklari

O’zbekiston Ozarbayjonda elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaradi

Uyushma yangiliklari

Kuni kecha “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov boshchiligidagi elektrotexnika sanoati korxonalari vakillari Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib, Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Samed Bashirli bilan muzokara olib bordilar.

Shu bilan birga, Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Davlat soliq qo’mitasi boshlig’i o’rinbosari Samira Musayeva, Ozarbayjon eksport va investitsiyalarni rag’batlantirish agentligi (AZPROMO) department direktori Samed Gasanov, Ozarbayjon iqtisodiy zonalarni rivojlantirish agentligi ijrochi direktori o’rinbosari Seymur Adigozalov va boshqa bir qator rasmiylar ham ushbu muzokaralarda ishtirok etdilar.

Uchrashuvda ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalarining rivojlanishida O‘zbekiston-Ozarbayjon davlat rahbarlarining do‘stona uchrashuvlari, ishbilarmon doira vakillari o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbarining 2023-yil 22-23-avgust kunlari Ozarbayjon Respublikasiga qilgan davlat tashrifi doirasida bir qancha sohalar qatori elektrotexnika sanoati yo‘nalishida ham hamkorlik memorandumlari imzolangan edi.

Ushbu memorandumga ko’ra, Ozarbayjon Respublikasida maishiy texnika mahsulotlari va alyumin radiatorli isitgichlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Mazkur loyihalarni qisqa vaqt ichida hayotga tadbiq qilish masalalari “O’zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusovning Ozarbayjonga tashrifi davomida muhokama etildi. Ushbu muhokamalarda loyiha tashabbuskorlari bo’lgan korxonalar rahbariyati vakillari ham ishtirok etdilar.

Muhokamalar davomida, O’zbekiston tomoni loyihalarga oid parametrlar, texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlar haqida ma’lumotlarni Ozarbayjon vakillariga taqdim etdilar.

Muzokaralar natijasida, tomonlar mazkur loyihalarni amalga oshirish, ularni maxsus sanoat zonalariga joylashtirish, imtiyozlar taqdim etish, bu bo’yicha qonunchilikka o’zgartirish kiritishga kelishib oldilar. Shuningdek, uchrashuvlarda loyihalarni tezlashtirish bo’yicha ikki tomonlama yo’l xaritasi ishlab chiqilishi belgilandi.

Ushbu yo’l xarita asosida loyihalar realizatsiyasi bosqichma-bosqich amalga oshirilishiga kelishib olindi.