ОНЛАЙН ТОРГОВАЯ ПЛОЩАДКА                                     COOPERTATION PORTAL                                    E-COOPERATION.UZ                                                     

Uyushma yangiliklari

Xitoy kompaniyalari bilan elektronika yo’nalishida hamkorlik aloqalari boshlanadi

Uyushma yangiliklari

Mamlakatlarning texnologik jihatdan rivojlanganligi ularning taraqqiyotini belgilab beruvchi asosiy unsurlardan biri hisoblanadi. Yurtimizda ham elektrotexnika, zamonaviy texnologiyalar sohasida yangidan-yangi loyihalarni amalga oshirish ustida “O’zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan jadal ishlar olib borilmoqda.

Shu kunlarda, Xitoy iqtisodiyotidagi ulkan ulushdor provinsiya Shandun xalq hukumati rahbariyati vakillari mamlakatimizda bo’lib turibdi.

Kuni kecha Xitoyning Shandun provinsiyasi, Dechjou shahri rahbariyati vakillari “O’zeltexsanoat” uyushmasiga tashrif buyurdilar. Uyushma raisining birinchi o’rinbosari Mansur Xashimov va Dechjou shahri delegatsiyasi rahbari Tyan Veydun o’rtasida ikki tomonlama hamkorlik va ustuvor yo’nalishlarda birgalikda ishlash masalalari muhokama qilindi.

Uyushma mutasaddilari elektrotexnika sanoati bo’yicha Xitoy Xalq Respublikasi bilan samarali hamkorlik aloqalarini kuchaytirish orqali har tomonlama manfaatli maqsadlarga erishishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Shuningdek, kundan-kunga yangilanib, taraqqiy etib borayotgan yurtimiz elektrotexnika sanoati salohiyatini o’zida namoyon qiluvchi taqdimot va videomateriallar mehmonlar e’tiboriga havola etildi.

Xitoylik martabali mehmonlar o’z o’rnida iliq mehmondo’stlik uchun minnatdorlik bildirib, istiqbolli hamkorlikning yangidan-yangi yo’nalishlarida birgalikda mehnat qilishga doimo shay ekanliklarini aytib o’tdilar.

Uchrashuv davomida, O’zbekistonning “Bitmain Service” va Xitoyning “Huake Semiconductor CO” kompaniyalari hamkorligida mamlakatimizda elektron komponentlar ishlab chiqaruvchi yangi quvvatni ishga tushirish bo’yicha hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish masalalari muhokama qilindi.

Samarali kechgan muzokaralar so’ngida, ushbu yangi loyiha realizatsiyasini tezlashtirish, o’z vaqtida ishga tushirishda hamkorlik qilish, ko’mak berish bo’yicha to’rt tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.

Texnologik qudratining cho’qqisiga chiqayotgan Xitoy davlati bilan zamonaviy texnologiyalar sohasida amalga oshiriladigan bu kabi loyihalar, mamlakatimiz elektrotexnika sanoati rivojiga ulkan xissa qo’shadi.