ОНЛАЙН ТОРГОВАЯ ПЛОЩАДКА                                     COOPERTATION PORTAL                                    E-COOPERATION.UZ                                                     

Uyushma yangiliklari

Elektrotexnika sanoati korxonalarining 2020-yil yanvar-oktabr oylaridagi ko’rsatgichlari

Uyushma yangiliklari

Mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish tarmoqlarini kengaytirish, importni optimallashtirish, xorijiy hamkorlar bilan yangi investitsiya loyihalari ustida ishlash kabi masalalarda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi joriy yilning yanvar-oktabr oylari yakunlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini ortiq darajada bajarishga erishdi.

Mazkur faoliyatlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 maydagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4348-sonli qarori muhim dasturilamal bo‘ldi.

Bugungi kunda uyushma tarkibiga 86 ta korxona a’zo bo‘lib, jumladan kabel-sim mahsulotlari – 15 ta, maishiy texnika – 35 ta, elektrotexnika mahsulotlari – 36 tani tashkil etadi.

Hozirgi vaqtda korxonadagi ishchilar soni – 22 mingdan ortiq.
Uyushma korxonalari tomonidan 2020 yil yanvar-oktyabr oylari yakunlari bo‘yicha, mahsulot ishlab chiqarish hajmi 9 047,4 mlrd. so‘mga yetkazildi va reja 113,4 foizga bajarildi. 118,6 foiz o‘sish sur’atiga erishildi.

Investitsiya dasturi doirasida 134,1 mln dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, reja 143,3 foizga bajarildi (reja 93,6 mln.doll.), shundan
90,0 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kredit mablag‘larini tashkil etdi (rejaga nisbatan 4,8 barobar).

Joriy yilning yanvar-oktabr oylari holatlari bo‘yicha korxonalar tomonidan jami 238,2 mln. dollarlik mahsulotlar tashqi bozorlarga eksport qilindi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar o‘sish sur’atiga erishildi.

Xulosa qilib aytganda, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi korxonalarining yanvar-oktabr oylaridagi prognoz ko‘rsatkichlari 2019 yilning mos davriga nisbatan 2-3 barobar ortig‘i bilan bajarilgan. Galdagi vazifalar joriy yil yakuni bilan ham ushbu ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashdan iboratdir. “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bu borada korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, ularning ishlab chiqarish jarayonlariga amaliy yordam ko‘rsatishda davom etadi.