
Yangi induksion elektr isitish radiatorlari ishlab chiqarish loyihasi o'rganildi
Bugungi kunda mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish va isitish tizimlarini zamonaviylashtirish maqsadida elektr isitish uskunalari ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, yurtimizda yillik quvvati 200 ming donani tashkil etuvchi elektr isitish radiatorlari va isitish qozonlarini (kotel) ishlab chiqarish yo‘nalishida 15 ta korxona faoliyat yuritib kelmoqda.
Bu borada, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi Mahalliylashtirish va kooperatsiyani kengaytirish boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan kuni kecha TEXNOPARK kompaniyasida amalga oshirilayotgan yangi induksion elektr isitish radiatorlari ishlab chiqarish loyihasi joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Mazkur loyiha doirasida yillik 50 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan liniyaning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Mahsulotlarning ilk namunaviy partiyasi tayyorlanib, taqdimoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Taqdimot davomida mahsulotlarining energiya samaradorligi, ekspluatatsion qulayligi va texnologik afzalliklari namoyish etildi. Radiatorlar xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlangan bo‘lib, ekologik xavfsiz, tejamkor va zamonaviy dizaynga ega. Bu mahsulotlar nafaqat uy-joy va ijtimoiy soha binolari uchun, balki sanoat obyektlari uchun ham qulay hisoblanadi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish, potensial xaridorlar bilan aloqalarni kengaytirish maqsadida bir qator targ‘ibot tadbirlari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, vazirlik va idoralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
2025–2026-yillarda TEXNOPARK korxonasi tomonidan elektr isitish tizimlarining yangi modellarini o‘zlashtirish va ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat import o‘rnini bosish, balki eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. TEXNOPARK korxonasi bugungi kunda respublikamizda energetika, maishiy texnika, elektronika va avtomatlashtirish yo‘nalishlarida yetakchi loyihalardan birini amalga oshirayotgan sanoat majmuasi bo‘lib, ushbu tashabbus ham korxonaning texnologik salohiyatini yanada oshiradi.