
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan “Texnopark” korxonasida mikro GESlar loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 288-F-sonli farmoyishi va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi Boshqaruv Raisining topshirig‘iga muvofiq, 2025-yil 8-may kuni “Texnopark” korxonasi tomonidan mikro GESlar qurish bo'yicha amalga oshirilayotgan loyihalar joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Toshkent shahrida joylashgan ushbu korxonaga uyushma mas’ullari tomonidan tashrif buyurilib, korxona tomonidan amalga oshirilayotgan “Mikro GESlar ishlab chiqarish” loyihasining holati, mavjud muammolar va takliflar bilan tanishildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Texnopark” korxonasi tomonidan Toshkent shahrining Chilonzor tumanidan oqib o‘tuvchi Bo‘rijar kanali irmog‘ida quvvati 5, 10 va 20 kVt bo‘lgan 3 ta, shuningdek Bo‘zsuv kanali irmog‘ida har biri 15 kVt quvvatga ega bo‘lgan yana 2 ta mikro GES qurish ishlari boshlangan. Ayni paytda ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun zarur hududlar tanlab olinib, yer tekislash ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi vakillari tomonidan qurilish jarayonlari joyida ko‘zdan kechirildi, loyiha bosqichlari muhokama qilindi. Shuningdek, tashrif davomida korxona vakillari bilan mikro GESlar uchun zarur bo‘lgan uskunalarni mahalliylashtirish, ishlab chiqarish liniyalarini ishga tushirish imkoniyatlari va rejalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi — “Texnopark” korxonasida olib borilayotgan innovatsion energiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni bartaraf etish va sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.