
"O‘zeltexsanoat" uyushmasi huzuridagi kafedra filialida bitiruvchilar malakaviy ishlarini himoya qildi
Bugun “O‘zeltexsanoat” uyushmasi huzurida tashkil etilgan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining “Raqamli elektronika va mikroelektronika” kafedrasi filialida bitiruvchi bosqich talabalarining bitiruv malakaviy ishlari himoyalari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadritdin Turabdjanov universitet professor-o'qituvchilari, soha korxonalari vakillari va talabalar ishtirok etdi.
Talabalar o‘z bitiruv malakaviy ishlari doirasida ishlab chiqqan startap loyihalari, yangi texnik ishlanmalar va amaliy ixtirolarini taqdim etdi. Har bir loyiha sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar tomonidan baholanib, kelajakda ularni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uyushma raisi Mirziyod Yunusov esa o‘z nutqida bitiruv ishlari va texnologik ishlanmalari yuqori baholangan talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlarini yanada rivojlantirish hamda amaliyotga joriy qilinishida ko‘maklashishga tayyorligini alohida ta’kidladi.
Mazkur kafedra filialining ochilishi orqali “tarmoq–korxona–oliygoh” tamoyili asosida kadrlar tayyorlashning amaliy samaradorligi ortib borayotganining yaqqol isboti sifatida baholandi. Talabalar universitetda olgan nazariy bilimlarini uyushma tizimidagi korxonalar bazasida mustahkamlab, real ishlab chiqarish sharoitlarida qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, universitet rektori Sadritdin Turabdjanov kafedra filialida yaratilgan sharoitlar, o‘quv-amaliy jarayonlarning sifati hamda yurtimiz elektrotexnika sanoatidagi so‘nggi yutuqlar bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu yo‘nalishda kafedra filialining faoliyati nafaqat bilim, balki amaliyot bilan integratsiyalashgan ta’lim tizimini yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.