
"L&T Construction" va mahalliy korxonalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Bugun "O‘zeltexsanoat" uyushmasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Saudiya Arabistonining "ACWA Power" kompaniyasi investitsiyasi asosida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan muqobil energetika loyihalarining bosh pudratchisi – "L&T Construction" kompaniyasining rahbari Radjan Bansal, kompaniyaning ta’minot bo‘yicha direktori Ravikiran Ransubhe, hamda mahalliy kabel-sim mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalar – "Uzkabel", "TCG", "Prokab" va "Artikul Aziya Kabel" vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda "L&T Construction" kompaniyasi tomonidan yurtimizda barpo etilayotgan quyosh elektr stansiyalariga zarur bo‘lgan kabel-sim mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan yetkazib berish bo‘yicha narx takliflari va hamkorlik shartlari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilib, kelgusida ishlab chiqiladigan tijorat takliflarini o‘rganish va batafsil ko‘rib chiqish niyatida ekanliklarini bildirdilar.
Bu kabi uchrashuvlar energetika sohasida import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, ishlab chiqaruvchilar salohiyatini xalqaro bozorga olib chiqish va sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.