
Elektrotexnika sanoatida xalqaro standartlarga o‘tish masalalari muhokama qilindi
“O‘zeltexsanoat” uyushmasida elektrotexnika sanoati korxonalari vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Unda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mas’ullari ham qatnashib, “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilg‘or xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–25-son, 2026-yil 16-fevral) mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berdilar.
Uchrashuv davomida mazkur Farmon asosida iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini to‘liq xalqaro standartlar asosida tashkil etish ustuvor vazifa etib belgilangani ta’kidlandi.
Jumladan, 2026-yil 1-iyuldan boshlab sanoat sohasida xalqaro standartlarni to‘liq joriy etish, amaldagi texnik reglamentlarni ilg‘or xorijiy amaliyot asosida qayta ko‘rib chiqish hamda natijalari bo‘yicha Hukumatga takliflar kiritish belgilangan.
Shuningdek, sohalar uchun zarur bo‘lgan xalqaro standartlarni qabul qilish maqsadida Davlat budjeti hisobidan 78,8 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgani alohida qayd etildi.
Tadbirda muvofiqlikni baholash tizimidagi yangiliklar, tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan qulayliklar yuzasidan ham atroflicha tushuntirishlar berildi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar batafsil javob qaytarib, Farmon talablarini amaliyotga samarali joriy etish mexanizmlari muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv soha korxonalarini yangi tartib va talablar bilan yaqindan tanishtirish, ularning ishlab chiqarish faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish jarayonini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.



