
“Envision Group” vakillari bilan uchrashuv: O‘zbekistonda BESS texnologiyalarini mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi
Yurtimizda so‘nggi yillarda muqobil energetika sohasida keng ko‘lamli islohotlar va investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida kabel-sim mahsulotlari, kuchlanish qurilmalari, metall-karkas tizimlari kabi elektrotexnika sanoatiga oid mahsulotlar yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida kuni kecha Xitoyning muqobil energetika yo‘nalishida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalaridan biri — “Envision Group” vakillari bilan “O‘zeltexsanoat” uyushmasi rahbariyati, shuningdek, uyushmaga a’zo “Sun-Hightech” korxonasi vakillari ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda “Energy Storage System” (BESS) — energiyani saqlash tizimlari uchun zarur bo‘lgan litiy-ion batareyalarni mahalliylashtirish, texnologik transferni amalga oshirish va qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari keng muhokama qilindi.
Muloqot davomida tomonlar respublikada litiy-ion batareyalari ishlab chiqarish imkoniyatlari xususida to'xtalib, xorijiy hamkorlarga hozirgi kunda respublikada amalga oshirilayotgan muqobil energetika yo'nalishidagi loyihalarda ushbu turdagi batareyalarga bo'lgan mavjud talablar bo'yicha batafsil ma'lumotlar berildi. Mazkur uchrashuv mamlakatimizda yashil energetika, barqaror ishlab chiqarish va mahalliy sanoatni texnologik yangilash yo‘lidagi navbatdagi strategik qadam sifatida baholanmoqda.