ОНЛАЙН ТОРГОВАЯ ПЛОЩАДКА                                     COOPERTATION PORTAL                                    E-COOPERATION.UZ                                                     

Uyushma yangiliklari

Jizzax yoshlari uchun elektrotexnika korxonalariga sanoat turizmi tashkil etildi

Uyushma yangiliklari

Elektrotexnika sanoati eng yosh va jadallik bilan rivojlanib borayotgan tarmoqlardan biri hisoblanadi. Bunga yoshlarimizni bolalikdan boshlab qiziqtirish, ularni kelajakda kasb tanlashga bo‘lgan ko‘nikmalarini shakllantirish bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanib bormoqda.

Bu esa o‘z navbatida elektronika olamida innovatsion fikrlovchi yoshlar safini kengaytirishga xizmat qiladi. “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan Jizzax politexnika instituti talabalari uchun Zomin tumanidagi joylashgan “Samsung Zomin” korxonasiga sanoat turizmi va jurnalistlar uchun Press-tur tashkil etildi.

Uchrashuvda ta’kidlandiki, elektrotexnika sohasidagi innovatsiya, ixtiro va ishlanmalar bu sanoatning jadal rivojlanishida muhim asos hisoblanadi. Bunda yosh avlod vakillarining mazkur sohaga qiziqishini bolalikdan shakllantirish, ularning texnika bilan hamnafas ulg‘ayishlariga shart-sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatining bosh maqsadidir. Bugun yurtimizda ana shunday avlod shakllanib kelayaptiki, ular har jabhada o‘z bilimlari, innovatsion ixtirolari va yirik kashfiyotlari bilan uchinchi renesansning faol ishtirokchilariga aylanib bormoqdalar.

Elektrotexgnika sanoati oxirgi 3-4 yil ichida rivojlanishning tamomila yangi bosqichidan bormoqda. Xususan, 2020-yilda elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan 327 mln.dollarlik eksport amalga oshirilgan bo‘lsa, 191 mln.dollarga teng investitsiyalar soha taraqqiyoti uchun jalb qilingan. 2025-yilgacha ham bu ko‘rsatkichlarni bir necha barobarga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bu o‘z navbatida sohaga malakali mutaxassislar jalb etishni taqozo etadi. Ayni paytda tizimda 22 mingga yaqin ishchi-xodimlar mehnat qiladi. 2021-yilda bu ko‘rsatkich 27 mingtaga yetadi. Kadrlarga bo‘lgan talab bu sohada ancha yuqori. Ayniqsa, malakali muhandis-texnologlar, konstruktorlar, dasturlovchi mutaxassislarga bo‘lgan talab har qachongidan ko‘ra kattaroq. Sohani malakali kadrlar bilan to‘ldirish maqsadida bugun uyushma tomonidan milliy va xalqaro institutlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda.

“Samsung Zomin” korxonasi 2015-yilda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, bu yerda personal kompyuterlar uchun monitor va barcha maishiy texnika vositalariga kabel-shnur maxsulotlari ishlab chiqariladi. O‘tgan 5 yil mobaynida korxona tomonidan ishlab chiqarish jarayoniga innovatsion g‘oyalar va yangi texnologiyalarni tadbiq etish natijasida samarali natijalarga erishildi. Bu jarayonda 2018-2020-yillar korxonaga Turkiya va Xitoy davlatlaridan 5.0 mln.dollarlik 30 dan ziyod zamonaviy uskunalar olib kelindi va zavod hududida qo‘shimcha yangi kabel-shnur sexi ishga tushirildi. Bugungi kunga kelib, kabel-shnur va montaj simlarining turlari 70 tadan 130 taga yetkazildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida jami 35 mlrd. so‘mdan ortiq sof foyda olindi.

Korxonada 2015-2020-yillar davomida jami 40 mlrd. so‘m hajmda monitor va 100 mlrd. so‘mlik kabel-shnur mahsulotlari ishlab chiqarildi. Ya’ni, bular 190 ming dona monitor, 68 ming dona elektr go‘sht maydalagich va 20 mln. dona kabel-shnur mahsulotlaridir. Natijada, mahalliylashtirish darajasi 33% dan 75% ga yetkazildi.

Korxona o‘z mahsulotlari bilan ko‘plab sanoat yarmarkalari va kooperatsion birjalarda faol qatnashib kelmoqda. Ushbu ishtiroklar natijasida 600 dan ziyod mahalliy korxonalar bilan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishga ham muvaffaq bo‘lmoqda.

Xususan, korxona mahsulotlari 2016-2017-yillarda Toshkent va Jizzax shaharlarida o‘tkazilgan sanoat yarmarkalarda “Eng yaxshi maishiy texnika vositalari” nominatsiyasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan.

Korxona jamoasi asosan yoshlardan iborat bo‘lib, dastlab 40 kishidan iborat bo‘lgan xodimlar soni bugungi kunga kelib 250 kishini tashkil etmoqda. Ishlab chiqarish hajmini oshirish, jarayonga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali 2021-yil oxirigacha ishchilar soni 400 nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2021-2022-yillarda korxona monoblok kompyuter va noutbuk ishlab chiqarish, hozirda xorijiy davlatlardan import qilinayotgan 5 ta o‘ta noyob kabel turini korxonada ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan hududlardagi yoshlarning muammolarini o‘rganish chog‘ida ularning sohaga oid qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida ana shunday sanoat turizmlari tashkil etib kelinmoqda. O‘z navbatida yoshlar tashkil etilgan uchrashuvdan ruhlangan holda yangi startap loyihalari va kichik ixtirolari bilan o‘rtoqlashishdi. Uchrashuvda ular bugundanoq bu sohaga kirib, o‘zlariga munosib mehnat sharoitlaridan samarali foydalanmas ekan, ertaga kech bo‘lishi, alohida ta’kidlab o‘tildi. Uyushma tomonidan yaratib berilayotgan bu kabi keng imkoniyatlar kelajakda yosh mutaxassislarning safini kengaytirishga xizmat qiladi.