ОНЛАЙН ТОРГОВАЯ ПЛОЩАДКА                                     COOPERTATION PORTAL                                    E-COOPERATION.UZ                                                     

Uyushma yangiliklari

Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni joriy etgan korxona faoliyati o‘rganildi

Uyushma yangiliklari

Prezidentning 2021-yil 2-martdagi PQ-5011-son qarori bugun qanday natija bermoqda? Ayniqsa, mis xom ashyosi bilan bog‘liq ishlab chiqarish korxonalarida qabul qilingan yangi mexanizm va imtiyozlarning ahamiyati qanday bo‘lmoqda.

Prezident qarorining samarasi o‘laroq, korxona yanvar-aprel oylarida 26,6 million dollarlik mahsulotni xorijga eksport qilib, belgilangan rejasini ortig‘i bilan bajarishga erishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan mis xom ashyosini birja savdolari orqali xarid qilishning bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich tatbiq etish belgilangan. Bu asosan kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga yanada katta qulaylik yaratdi. Ammo ushbu yangi mexanizm bugun korxonalarda qanchalik tatbiq etilmoqda?

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi Ishchi guruhi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish imkoniyatlariga ega “Prokab” korxonasi faoliyati bilan tanishdilar. Bundan ko‘zlangan maqsad – korxonada mis xom ashyosiga bo‘lgan talabni o‘rganish, uni birja orqali xarid qilishdagi imkoniyatlar, yuqori qo‘shilgan qiymat mahsulotlari ko‘lamini kengaytirish kabi masalalarda mavjud muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rishdan iboratdir.

Bugungi kunda “Prokab” MChJ da 80 dan ortiq ishchi-xizmatchilar faoliyat yuritadi. Bu yerda kabel-sim mahsulotlarining 3000 dan ortiq turlari ishlab chiqariladi. Yiliga 32000 tonna misni qayta ishlash quvvati mavjud. Asosan bunday mahsulot tarkibi mis-xom ashyosi bilan bog‘liqligi bois, korxonaning ushbu xom-ashyo materiallariga bo‘lgan talabi ancha yuqori. Tan-narx masalasi ham bu jarayonda birlamchi hisoblanadi. Chunki, o‘zbek kabellari sifat nuqtai nazaridan eksport mahsulot bo‘lganligi sababli jahon bozorida o‘z mavqei va nufuziga ega. Korxona tomonidan yanvar-aprel oylarida 26,6 million dollarlik mahsulotlar eksportga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu belgilangan rejaga nisbatan 124% ga ortig‘i bilan bajarilgan.

Prezident qarori bilan kiritilayotgan yangi mexanizm esa korxonada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish barobarida, aylanma mablag‘larning maqsadli sarflanishiga, yangi texnologiyalar joriy etilishiga, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, ish joylari yaratish va mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda tezroq realizatsiya qilishga imkoniyat yaratadi. Bunday tartib mahsulot tannarxining optimallashuviga olib keladi.

Joriy qilingan yangi mexanizmning o‘ziga xos tartib-taomillari va imkoniyatlari, amaldagi hujjatlardan afzallik tomonlari “Prokab” MChJ mas’ullari bilan uchrashuvda alohida tushuntirildi va uni amaliyotga qo‘llash yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.