ONLAYN SAVDO MAYDONI                                                     KORXONALAR UCHUN PORTAL →

Uyushma yangiliklari

50 dan ortiq yoshlar yarmarkaning o‘zida ish bilan ta’minlandi

Uyushma yangiliklari

Oliy ta’lim muassasida tahsilni tugatgach, muvaffaqiyatli ishga joylashish har bir yosh yigit-qizning orzusi. Ammo hamma ham o‘qishni tamomlab mutaxassisligi bo‘yicha yaxshi ish topa oladimi? Bugun dunyo aholisini tashvishga solayotgan muammolardan biri ham aynan ishsizlik hisoblanadi.

Mamlakatimizda elektrotexnika sanoati korxonalarining malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, ishlab chiqarishga zamonaviy fikrlovchi, yetuk mutaxassislarni keng jalb etish, band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlash maqsadida “O‘ZELTEXSANOAT” uyushmasi tomonidan ilk marotaba poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi “2-Charx Kamolon” mahallasida “BO‘Sh ISh O‘RINLARI (VAKANT) MEHNAT YARMARKASI” tashkil etildi.

Yarmarkada elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar, tashkilot imijini ko‘rsatuvchi tarqatma materiallari, axborot bukletlari, videoroliklar va boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etildi. Ishga kirish istagida bo‘lgan band bo‘lmagan aholiga 10000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari namoyish etildi.

Yarmarkada tumandagi 11 ta mahalladan o‘qishni tamomlagan 500 dan ortiq yoshlar, harbiy xizmatni o‘tagan yigitlar, uyda ishsiz o‘tirgan xotin-qizlar va aholining ehtiyojmand qatlamlari, “temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar ishtirok etdi. Ularga shahardagi korxona va tashkilotlardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

– Yarmarkaga tumanning turli hududlaridan tashrif buyurayotgan hamshaharlarimiz soni ko‘pchilik, – deydi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Namoz Tolipov. – Yarmarka ishida yirik ishlab chiqarish korxonalari o‘zlarining faoliyat yo‘nalishlariga doir ko‘rgazmalar shuningdek, 10 mingdan ortiq vakansiyalar bilan ishtirok etishdi. Yarmarkamizning o‘ziga xosligi shundaki, bu yerda ish o‘rinlariga talabgorlar tadbir davomida taklif etilgan ish beruvchilarga o‘z mahorat va kasb ko‘nikmalarini namoyish etishlari uchun alohida maydonchalar tashkil etilgan.

Tadbir davomida ish beruvchilar o‘zlariga ma’qul bo‘lgan nomzodlar bilan shu joyning o‘zida mehnat shartnomalarini imzolashdi. Masalan, poytaxtning “Texnopark” MChJ korxonalari tomonidan 30 ga yaqin yoshlar bilan shu joyning o‘zida mehnat shartnomalari tuzildi. Boshqa korxonalarda ham yoshlarni ishga jalb etish ishlari samarali yakunlandi. Ishga joylashish istagida bo‘lgan yoshlarga ish haqidan tashqari, alohida transport bilan ta’minlanishi, issiq ovqat va har oy oziq-ovqat mahsulotlari berib borish kabi ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilishi tushuntirildi.

Elektrotexnika sanoati jadal rivojlanib borayotgan hozirgi sharoitda aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq bu kabi xayrli ishlar aholimizni munosib hayot kechirishi va yoshlarimizning doimiy ish bilan bandligini ta’minlash yo‘lida katta qadam hisoblanadi. Bu kabi mehnat yarmarkalari poytaxtimizning boshqa mahallalarida ham tashkil etiladi.

Davlat ramzlari:

Davlat gerbi

Davlat gerbi


Davlat bayrog'i

Davlat bayrog'i


Davlat madhiyasi

Davlat madhiyasi