Uyushma yangiliklari

Elektrotexnika sanoati korxonalarining 2020-yil yanvar-aprel oylaridagi ko’rsatgichlari

Uyushma yangiliklari

Mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish tarmoqlarini kengaytirish, importni optimallashtirish, xorijiy hamkorlar bilan yangi investitsiya loyihalari ustida ishlash kabi masalalarda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi joriy yilning yanvar-aprel oylarida prognoz ko‘rsatkichlarini ortiq darajada bajarishga erishdi.

Mazkur faoliyatlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 maydagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4348-sonli qarori muhim dasturilamal bo‘ldi.

Bugungi kunda uyushma tarkibiga 85 ta korxona a’zo bo‘lib, jumladan kabel-sim mahsulotlari – 15 ta, maishiy texnika – 35 ta, elektrotexnika mahsulotlari – 35 tani tashkil etadi.

Hozirgi vaqtda korxonadagi ishchilar soni – 22 mingdan ortiq.

Uyushma korxonalari tomonidan 2020-yil yanvar-aprel oylari yakunlari bo‘yicha, mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2841,4 mlrd so‘mga yetkazildi va reja 108 foizga bajarildi. 135,2 foiz o‘sish sur’atiga erishildi.

Investitsiya dasturi doirasida 35,6 mln dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, reja 1,7 barobarga bajarildi (reja 21,4 mln.doll.), shundan 21,7 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kredit mablag‘larini tashkil etdi (rejaga nisbatan 21,7 barobar).

Joriy yilning yanvar-aprel oyi holatlari bo‘yicha korxonalar tomonidan jami 63,9 mln dollarlik mahsulotlar tashqi bozorlarga eksport qilindi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan 132,9 foiz o‘sish sur’atiga erishildi. 5598 tonna mis xom-ashyosini qayta ishlash rejasi ortig‘i bilan bajarildi, ya’ni 6 711 tonna mis qayta ishlandi.

2020 yilning yanvar oyida dunyo mamlakatlari hayoti va iqtisodiyotiga jiddiy xavf solgan koronavirus pandemiyasi mart oyida O‘zbekiston hududiga ham kirib keldi. Mamlakatda qat’iy tartibli karantin e’lon qilingach, vaqtincha korxonalar faoliyati to‘xtatildi. Aprel oyidan boshlab yirik sanoat korxonalariga sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda faoliyat yuritishlariga ruxsat berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19 mart va 3 apreldagi farmoni bilan korxonalarning pandemiya natijasida yuzaga kelgan oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Tadbirkorlarga soliq, bojxona va kredit yo‘nalishida bir qator imtiyozlar berildi. Ularning faoliyatini qayta tiklash, ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘ymaslik va eksport ko‘rsatkichlarini o‘z vaqtida bajarishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi. Jumladan, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi korxonalarining faoliyati bir maromda davom etmoqda.

2020 yil 15 martdan boshlab maishiy texnika vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida masofaviy xarid “onlayn” savdo platformasini yo‘lga qo‘ydi, buning natijasida karantin davrining o‘zida 4,2 milliard so‘mlik mahsulotlar iste’molchilarga yetkazib berildi va sifatli servis xizmat ko‘rsatish tizimi yaratildi.

Inqirozga qarshi kurashish Respublika komissiyasining operativ ko‘magi bilan hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan tibbiyot uskunalari o‘zlashtirish bo‘yicha ham investitsion loyihalar boshlab yuborildi. Jumladan ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan palatalar uchun anestetik konsollar va maxsus N-95 markali tibbiyot niqoblari (1 kunlik quvvati 165 ming dona, loyiha qiymati 2,8 mln.doll.) ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Xulosa qilib aytganda, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi korxonalarining yanvar-aprel oylaridagi prognoz ko‘rsatkichlari 2019 yilning mos davriga nisbatan 2-3 barobar ortig‘i bilan bajarilgan. Galdagi vazifalar ikkinchi chorakda ham ushbu ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashdan iboratdir. Ammo pandemiyaning korxonalar faoliyatiga ta’siri va uni yumshatish bilan bog‘liq tadbirlarning tezkorlik bilan amalga oshirilayotgani ushbu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatidan yaxshilanishiga xizmat qilishi bilan bog‘liq. “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bu borada korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, ularning ishlab chiqarish jarayonlariga amaliy yordam ko‘rsatishda davom etadi.

©️ “O‘zeltexsanoat” uyushmasi Axborot xizmati

Davlat ramzlari:

Davlat gerbi

Davlat gerbi


Davlat bayrog'i

Davlat bayrog'i


Davlat madhiyasi

Davlat madhiyasi