Uyushma yangiliklari

🕚 18-fevral 2020-y. 🚩 Toshkent shahri, "Texnopark" sanoat majmuasi

Texnoparkda zamonaviy korxona ishga tushdi

Uyushma yangiliklari

🕚 18-fevral 2020-y. 🚩 Toshkent shahri, "Texnopark" sanoat majmuasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-fevral kuni Yashnobod tumanidagi Texnoparkka tashrif buyurdi.

Toshkent mexanika zavodining ulkan hududi va binolaridan samarali foydalanish maqsadida Texnopark tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbari o‘tgan yili 28 iyunda bu yerga kelib, loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi.

Texnoparkda 2020-2021 yillarda umumiy qiymati 393 million dollardan ziyod bo‘lgan 15 ta korxonani ishga tushirish mo‘ljallangan. Ularda kir yuvish mashinalari, oshxona plitalari, sovutkich va muzlatkichlar, sanoat konditsionerlari, lift va eskalatorlar, elektr texnikasi mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Bu yerda zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud. Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida logistika markazi tashkil etiladi. Ishlab chiqariladigan mahsulotlarning mahalliylashtirish darajasi 35-40 foiz bo‘ladi. Shuningdek, yiliga 186 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Texnopark hududida ishga tushirilgan ilk loyiha – elektron gaz hisoblagichlar korxonasi faoliyati bilan tanishdi, mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

50 million dollar investitsiya hisobiga tashkil etilgan korxonada yiliga 3 million dona elektron gaz hisoblagichlar tayyorlanadi. Bu “aqlli” hisoblagichlarga sim-karta o‘rnatilgan bo‘lib, ishlatilgan tabiiy gaz hajmi haqidagi ma’lumotni onlayn rejimda markaziy serverga uzatadi. Shu tariqa hisoblashda billing tizimi joriy etiladi va inson omili qisqaradi.

Ushbu hisoblagichlar xavfsizlik jihatidan ham qulay. Hisoblagichlar ularning tuzilishiga ruxsatsiz aralashganda yoki avariya holatida gaz sirqib chiqqanda gaz oqimini to‘xtatish imkonini beradigan berkituvchi klapan bilan ta’minlangan. Bu orqali aholi xonadonlari va inshootlarda yong‘in yoki boshqa ko‘ngilsiz holatlarning oldi olinadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 3,5 million dona elektron gaz hisoblagichga ehtiyoj mavjud. Korxona ushbu ehtiyojni bir yilda qoplab, kelgusi yildan 7,7 million dollarlik mahsulotni eksport qilish quvvatiga ega. Buning uchun korxona hamkori Italiyaning “Petro Fiorentini” kompaniyasi bilan tegishli shartnoma tuzilgan.

Davlatimiz rahbari korxona faqat sotish bilan cheklanib qolmay, hisoblagichlarni o‘rnatishdan tortib xizmat ko‘rsatishgacha mas’ul bo‘lishi, ekspluatatsiyaga javob berishi kerakligini ta’kidladi.

– Har bir ishlab chiqarishga kirishishdan oldin standartni o‘ylash kerak. Malakali servis uchun ham, eksport uchun ham standart zarur. Afsuski, biz bu sohada dunyodan ancha ortda qoldik. Joylarda standart kafolatini ta’minlaydigan kadrlar juda kam. Shuning uchun mana shunday sanoat korxonalarining o‘zida servis bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish kerak, – dedi Prezident.

Korxonaning servis markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbari Texnoparkda amalga oshirilayotgan galdagi loyihalar, ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan sanoat mahsulotlari bilan ham tanishdi.

Davlat ramzlari:

Davlat gerbi

Davlat gerbi


Davlat bayrog'i

Davlat bayrog'i


Davlat madhiyasi

Davlat madhiyasi