Uyushma yangiliklari

🕚 29-aprel 2020-yil 🚩 Toshkent shahri, “Procab” QK MChJ

«Procab» korxonasi sanitariya talablari asosida faoliyatini davom ettirmoqda

Uyushma yangiliklari

🕚 29-aprel 2020-yil 🚩 Toshkent shahri, “Procab” QK MChJ

Mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat tufayli aksariyat korxonalar ma’lum muddat o‘z faoliyatlarini to‘xtatib qo‘ygan edi. Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Respublika komissiyasiga koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq bergan edilar. Shundan so‘ng faoliyati tiklanadigan ob’ektlarda ishlar sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etila boshlandi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi yirik korxonalarda ham ishlab chiqarish jarayonlari karantin talablari doirasida qayta tiklandi. Respublikamizda kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik ob’ektlardan birida hisoblangan O‘zbekiston-Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda o‘z faoliyatini davom ettirishlari bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Korxonada xizmat qilayotgan har bir ishchi-xodimning tibbiy xavfsizligi qat’iy nazoratga olingan bo‘lib, ular ishlab chiqarish hududiga kirishdan avval tana haroratlari o‘lchanib, zarur tibbiy himoya vositalari bilan ta’minlanmoqda. Korxonada muntazam ravishda dizenfeksiya ishlari olib borilmoqda, har ikki soatda ishchi-xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Korxonada bugungi kunda Germaniya, Finlyandiya, Turkiya va Xitoyning yetakchi kompaniyalarining zamonaviy texnik uskunalari yordamida yuqori sifatli kabel va sim mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, umumiy maydoni 14 gektar hududni tashkil etadi. Bu yerda faoliyatlar to‘liq avtomatlashtirilgan boshqaruvdan iborat. 2000 dan ortiq turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan korxona ISO xalqaro sifat menejmenti sertifikatlariga ega. Korxonada yuqori va past kuchlanishli, havo elektruzatish liniyalari, tok-o‘tkazgich tolalari uchun quvvat simlari, polietilen bilan biriktirib mahkamlangan izolyatsiyali statsionar tok o‘tkazish uchun kabellar, rezina izolyatsiyali va qobiqli kabellar, kuchli tok o‘tkazuvchi va nazorat kabellari, shuningdek shahar telefon tarmog‘i, aloqa vositalari va temir-yo‘l uchun signal-blokirovka kabellari, xalq iste’moli mollari, o‘rnatgich va yoritgich simlar ishlab chiqariladi.

Kabel va simlarni ishlab chiqarish texnologik jarayoni besh qismdan iborat bo‘lib, kompaniya Finlyandiya kompaniyasining zamonaviy uskunalari yordamida doimiy kislorodsiz quyish usulidan foydalanadi. Mahsulot namunalari korxonaning namunaviy laboratoriyasiga tekshirish uchun yuboriladi, u yerda kabellarning Davlat standartlariga muvofiqligi darajasi diqqat bilan tekshiriladi. Laboratoriya ishlab chiqarishning har bir bosqichi 14 ta tekshiruvdan o‘tadi. Mahsulotlarning asosiy qismi MDH davlatlariga, Rossiya, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya, Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga eksport qilinmoqda.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasining elektrotexnika sanoati korxonalarini qo‘llab-quvvatlash borasida yaratib berayotgan bu kabi imkoniyatlari ishlab chiqarish suratini keskin oshirib, mahsulotlarning yangi turlarini o‘zimizda mahalliylashtirishga, pirovardida yurtimiz iqtisodiyoti uchun barqaror eksportbop mahsulotlar tayyorlanishiga katta zamin yaratadi.

Davlat ramzlari:

Davlat gerbi

Davlat gerbi


Davlat bayrog'i

Davlat bayrog'i


Davlat madhiyasi

Davlat madhiyasi