Uyushma yangiliklari

🕚 21-aprel 2020-y. 🚩 Toshkent shahri, “Quality Electronics” MChJ

N-95 markali tibbiyot niqoblarini ishlab chiqarish boshlandi

Uyushma yangiliklari

🕚 21-aprel 2020-y. 🚩 Toshkent shahri, “Quality Electronics” MChJ

Yurtimizdagi karantin sharoitida barcha fuqarolar turli shakldagi tibbiy niqoblar bilan o‘zlarini himoyalashga harakat qilishmoqda. Xo‘sh, biz uchun oddiy ko‘ringan niqoblar bugun qanchalik ishonchli, himoyalanish darajasi qanday? Qaysi xalqaro standartlarga mos? Umuman, tibbiyot niqoblari sizni virusdan himoyalashiga ishonasizmi?

Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “Quality Electronics” korxonasi qisqa muddat ichida ish boshlagan. Yuz nafardan ortiq ishchi-xodimni o‘z bag‘riga olgan mazkur korxonaga hamma karantin tartib-qoidalari o‘rnatilgan. Kirish va chiqish qat’iy nazorat tartibida, tibbiyot xodimlari tekshiruvi ostida olib borilmoqda. Shunday og‘ir vaziyatlarda ham xalqimizni arzon va sifatli himoya vositalari bilan ta’minlashga bel bog‘lagan korxona mas’ullari yuqori sifat nazoratiga ega, xalqaro talablarga mos, ishonchlilik va himoyalanish darajasi 95 foiz bo‘lgan N-95 markali tibbiy niqoblarni ishlab chiqarib, tegishli hududlarga, karantin shifoxonalariga va aholimizga yetkazib bermoqda.

«Muhtaram Prezidentimizning 2020 yil 3 apreldagi farmonlari bilan tadbirkorlarga soliq, bojxona va kredit masalalarida qator imtiyozlar ajratildi», – deydi korxona rahbari o‘rinbosari Abdumalik Boymatov. – «Biz ham ushbu imkoniyatdan samarali foydalangan holda xalqimizning og‘ir kunida xizmat qilish maqsadida umumiy qiymati 2,8 mln dollar bo‘lgan investitsiya loyihasini amalga oshirdik. Loyihaning kunlik quvvati 165 ming dona, bir oyda o‘rtacha 4 mlnga yaqin tibbiy niqoblar ishlab chiqariladi. Respublika komissiyasining korxonalarga qo‘yilgan karantin talablari doirasida barcha ishlar tashkil qilingan. Ishchi-xodimlarning kasallikdan himoyalanish choralari ham qat’iy nazoratga olingan.«

N-95 markali tibbiy niqoblarning o‘ziga xos xususiyati nimada?

Korxona bosh texnologi Dilfuza Rahmatullayevaning fikriga ko‘ra, respirator niqoblar filtr materiallaridan tayyorlangan bo‘lib, 4 ta himoya qavatidan iborat. Birinchi qatlam spanbond mato, mikron chang filtri, ikkinchi qatlam faollashtirilgan uglerod matosi, benzol-mikron chang filtrlash funksiyasi, uchinchi qatlam zich filtrli mato, to‘rtinchi qatlam spanbond matodan iborat, bu har qanday zararli moddalarni filtrlaydi.

Tasavvur qiling, yangi koronavirusning diametri 0,1 dan 0,12 mikrongacha. Shuning uchun N-95 niqobini kiyish virusning samarali oldini oladi. Bunda kirgan va chiqqan havo, albatta, filtrdan o‘tadi. Oddiy niqoblarda esa bunday imkoniyat mavjud emas. Uni atigi 2 soatgina ishlatish mumkin. Respirator filtrlar esa uzoq vaqtgacha sizni himoya qila oladi. Xavfsizlik va ishonchlilik darajasi ancha yuqori.

Xavfsizlik qoidalari to‘liq ta’minlanganmi?

Inqirozga qarshi kurashish Respublika komissiyasining ko‘rsatmasiga binoan faoliyat yuritayotgan korxonalarda sanitariya va gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilish, ular o‘z faoliyatini tegishli hududida tashkil etishi, shuningdek, ishchilarni ovqatlantirishni mazkur ob’ekt hududida tashkillashtirish qat’iy belgilangan. Chunki, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ishlab chiqarish to‘xtab qolmasligi kerak, ayniqsa iqtisodiyotimizning drayveri bo‘lgan sohalar. Shundan kelib chiqib, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi o‘z tarkibiga kiruvchi korxonalarda ishlab chiqarishni davom ettirish, ularga imtiyozlardan foydalanishlariga yordam berish, eksport rejalarini o‘z vaqtida bajarilishiga ko‘maklashib kelmoqda.

Korxonalardagi ishchi-xodimlarning ham fikrlari bizni qiziqtirdi.

«Binoga kirishimiz bilan sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilingan holda tana haroratimiz o‘lchanadi, maxsus qo‘lqoplar, niqoblar va ustki himoya xalatlarini kiygan holda ishlab chiqarish hududiga kiramiz», – deydi korxona ishchisi Tursunoy Almatayeva. – «Har ikki soatda niqob bilan qo‘lqoplar almashtiriladi. Sog‘ligimiz tibbiyot xodimlari tomonidan doimiy nazorat qilib turilibdi. Xabarimiz bor, boshimizdan og‘ir kunlarni o‘tkazyapmiz. Aksariyat odamlar uylarida o‘tirishibdi. Ko‘pchilik karantinda saqlanmoqda. Biz esa o‘z mehnatimiz bilan xalqimizga, shifokor-hamshiralar va barcha bemorlarga foydamiz tegayotganidan, oz bo‘lsa ham hissamiz qo‘shilganidan mamnunmiz».

Sifatmi yoki kafolat?

Bu ikki xususiyat biz taqqan niqoblarda, albatta, o‘z aksini topishi kerak. Ba’zida ko‘chada niqobsiz yurish mumkin emas yoki ma’muriy javobgarlikdan qo‘rqib, hayotimizni xavf ostiga qo‘yamiz. Atigi 2 soatga yetadigan oddiy niqoblarni hatto haftalab taqib yurishga odatlanib qoldik. «Maska bo‘lsa bo‘ldi-da nomigagina» qabilida ish tutadigan bo‘ldik. Ammo kutilmaganda virus hujum qilib qolgandachi? Infeksiya bor hududda bu filtrsiz niqoblar sizga sifat yoki kafolat bera oladimi? Afsuski, yo‘q!!! Shu bois, xohlardikki, yuqori himoya va kafolatga ega tibbiy niqoblardan foydalanaylik. Bu reklama ham emas. Aksincha, sizning sog‘ligingiz uchun kuyunib aytilayotgan gaplar…

Davlat ramzlari:

Davlat gerbi

Davlat gerbi


Davlat bayrog'i

Davlat bayrog'i


Davlat madhiyasi

Davlat madhiyasi