ONLAYN SAVDO MAYDONI                                                     KORXONALAR UCHUN PORTAL →

Uyushma yangiliklari

Farg’onalik tadbirkorlar muzlatkichli omborxonalarga katta qiziqish bildirdi

Uyushma yangiliklari

Farg‘ona viloyatida «O‘zeltexsanoat» uyushmasi Toshkent «Texnopark» MChJ vakillari bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan muzlatkichli omborxonalarning ko‘rgazmali taqdimotini o‘tkazdi.

Texnopark” MChJning “Shivaki Frigo Cool” loyihasi doirasida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy muzlatkichli omborxonalarning dastlabki namunalari ko‘rgazmali konteynerlar orqali ko‘rsatib berildi. Tadbirkorlar real holatda mahsulotning ishlash jarayonlari va joylashuvi, hajmi va imkoniyatlari bilan tanishdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5-6 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida «O‘zeltexsanoat» uyushmasiga 2020-yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan muzlatkichli omborxonalar ishlab chiqarish va ularga zamonaviy servis xizmatlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yilishi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar tadbirkorlar va fermerlarga ushbu mahsulotlar taqdimotini o‘tkazish topshirilgan.

Belgilangan topshiriqlarni bajarish hamda Respublikada sanoat muzlatkichlarining importi hajmlarini maqbullashtirish maqsadida “Texnopark” MChJ tomonidan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan muzlatkichli omborxonalar ishlab chiqarish “Shivaki Frigo Cool” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida kuni kecha «O‘zeltexsanoat» uyushmasi mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va importni optimalashtirish boshqarmasi Texnopark” MChJ vakillari bilan Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdilar va viloyat hokimligi ko‘magida viloyatdagi “Yoshlar markazi”da tadbirkorlar va fermerlar uchun ishlab chiqarilayotgan “Shivaki Frigo Cool” muzlatkichli omborxonalar taqdimotini o‘tkazdilar. Yig‘ilishda viloyatning 50 dan ortiq fermer xo‘jaligi rahbarlari va tadbirkorlar hamda eksportyorlar ishtirok etdilar.

Texnopark” MChJ “Shivaki Frigo Cool” loyihasi doirasida zamonaviy muzlatkichli omborxonalarni to‘la mijozning talablariga binoan 500 dan 3000 tonna va undan katta hajmdagi muzlatkichli omborxonalar ishlab chiqarish imkoniyatlari mavjud bo‘lib, texnik xizmat va to‘la 3 yil kafolat xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Mahsulot ishlab chiqarish jarayoni mahalliylashtirilgan bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonida mahalliy ishlab chiqaruvchi tarmoq va sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan sendvich panellar, havo sovutish tizimlari (shu jumladan teploobmennik, ventilyatsiya tizimi quvurlari) termo izolyatsiya, penopolistirol penoblok mahsulotlari, kabel va yoritish moslamalari ishlatilmoqda. Buning samarasida muzlatkichli omborxonalarni mahalliylashtirish darajasi o‘rtacha 40% ni tashkil etmoqda.

Mijozning talablaridan kelib chiqqan holda muzlatgich omborxonalari Bock (Shtutgard, Germaniya), Bitzer (Zindelfingen, Germaniya), Frostcold (Italiya), Embraco (Santa Katarina, Braziliya), Tecumseh (Michigan, AQSh) kompressorlari bilan jihozlanishi mumkin.

Keyingi tashrif Samarqand viloyatiga amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, 2020-yil 21-oktyabrida viloyat hokimligida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Taqdimotga tadbirkor va fermerlar hamda barcha xohlovchilar taklif etiladi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun «O‘zeltexsanoat» uyushmasi yoki (90) 974-42-74 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

Davlat ramzlari:

Davlat gerbi

Davlat gerbi


Davlat bayrog'i

Davlat bayrog'i


Davlat madhiyasi

Davlat madhiyasi