Joriy yil 12-aprel kuni “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi poytaxtimizning Chilonzor tumanida biriktirilgan mahallalarda uyushma tomonidan olib borilayotgan va amalga oshirilishi rejalashtirilgan obodonlashtirish ishlari holati bilan tanishdi hamda mahalla raisi, faollari bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazdi.
Ta’kidlash joizki, “Mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha Chilonzor tumanidagi 10 ta mahallalarga “O‘zeltexsanoat” uyushmasi biriktirilgan. «Mahallabay» o‘rganishlar natijasida «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan, yordamga muhtoj fuqarolarga moddiy, ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilmoqda, mahallalarda obodonlashtirish, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Bahoriston” mahallasida qurilishi rejalashtirilayotgan qulay «Bolalar maydonchasi” va «Sport maydonchasi» (Street work out) hududini ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, uyushma raisi tomonidan aholiga servis xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida mahalla hududida “Maishiy texnikalarga xizmat ko‘rsatish kichik shahobchasi”ni tashkil etish va uni jihozlash bo’yicha uyushmaning mas’ul xodimlariga alohida topshiriqlar berildi. Bunday servis shahobchalarining tashkil etilishi “Yoshlar” daftariga kirgan yoshlarni ish bilan ta’minlash barobarida ularni qo‘shimcha kasb-hunarga o‘rgatish imkoniyatini ham beradi.
Mahalladagi ishlar tanqidiy ruhda o‘rganilar ekan, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha ham maqsadli topshiriqlar berildi. Jumladan, ko‘p qavatli uylarning orqa yo‘laklaridagi simyog‘och ustunlari va undagi yoritish tizimidagi kamchiliklar, uylar yonidagi temir panjaralar ahvoli, ichki ariq yo‘laklaridagi chiqindilarni bartaraf etish, keng ko‘lamda hashar ishlarini tashkil etish va aholi uchun uylar yonida o‘tirish o‘rindiqlarini yangilab berish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Qolgan mahallalarda ham amalga oshirilayotgan ishlar holati tahlil qilinmoqda.