ОНЛАЙН ТОРГОВАЯ ПЛОЩАДКА                                     COOPERTATION PORTAL                                    E-COOPERATION.UZ                                                     

Uyushma yangiliklari

Janubiy Koreya vakillari bilan O‘zbekistonda ilg‘or texnologiyalar sohasida ilmiy ta’lim muassasasini yaratish masalalari muhokama qilindi

Uyushma yangiliklari

Bugun O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi bilan birgalikda «O‘zeltexsanoat» uyushmasi boshqaruv raisi Mirziyod Yunusov va Janubiy Koreya ilg‘or texnologiyalar instituti (KAIST)ning xorijiy rivojlanish markazi direktori, professor Kim Von Jun o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida muzokaralar tashkil etildi.

Uchrashuvda, shuningdek, KAIST xorijiy loyihalarni rejalashtirish markazi vakillari professor Yeo Xyon Dok va Kim Ye Sun, AKFA universiteti rektori Behzod Jalilov va «O‘zeltexsanoat» uyushmasining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Muzokaralarda KAIST bilan O‘zbekistonda ilmiy ta’lim muassasasini tashkil etishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi. Hamkorlik ta’lim, ilmiy-texnik va ishlab chiqarish sohalarida birgalikda ishlash, nufuzli xorijiy ta’lim va tadqiqot tashkilotlari bilan aloqalar o‘rnatish, sohani samarali uslubiy, axborot-maslahat, ilmiy va ta’limiy qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Mirziyod Yunusov Janubiy Koreya vakillariga O‘zbekiston elektrotexnika sanoati salohiyati, amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar, shu jumladan Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikdagi dasturlar, ushbu sohani rivojlantirish istiqbollari va ustuvor yo‘nalishlar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etdi.

Onlayn-tadbirda elektrotexnika sanoati uchun yuqori malakali kadrlar va mutaxassislar tayyorlashning ahamiyati alohida qayd etildi. Ushbu yo‘nalishlarda KAISTning boy tajribasini hisobga olgan holda, Janubiy Koreya tomoniga O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida ilmiy ta’lim muassasasini tashkil etish taklifi bildirildi.

O‘z navbatida Kim Von Jun ham tadbir ishtirokchilarini KAIST faoliyati, shu jumladan, uning universitetlar faoliyatidan farqi bilan tanishtirdi. Unga ko‘ra, KAIST — Janubiy Koreyaning sanoat kompaniyalari uchun zarur bo‘lgan tadqiqotlar o‘tkazadigan va mutaxassislar tayyorlaydigan bosh ilmiy markaz hisoblanadi. Jumladan, «Samsung» korporatsiyasining yetakchi ilmiy xodimlarining taxminan 25 foizi KAIST bitiruvchilaridir.

Muhokamalar natijasida O‘zbekiston vakillari taklif qilgan loyiha konsepsiyasini o‘rganish bu boradagi faol muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.