ОНЛАЙН ТОРГОВАЯ ПЛОЩАДКА                                     COOPERTATION PORTAL                                    E-COOPERATION.UZ                                                     

Uyushma yangiliklari

Elektrotexnika korxonalari o’rtasida kooperatsiya kelishuvlari imzolanmoqda

Uyushma yangiliklari

kooperatsiya kelishuvlari

Mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, import asosida kirib kelayotgan mahsulotlar va xom-ashyolarni o‘zimizda mahalliylashtirish, korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarining rivojlanishi natijasida importdan kirib kelayotgan aksariyat butlovchi qismlar mahalliylashtirilib, kooperatsiya asosida yetkazib berilmoqda.

Yaqinda Jizzaxning Zomin tumanida faoliyat yuritayotgan “Trust Electronics” MChJ korxonasi bilan Farg‘ona viloyatidagi “Rosso Electronics” MChJ o‘rtasida umumiy qiymati 350,0 mln so‘mlik shartnoma imzolandi. Imzolangan kelishuvga ko‘ra, “Trust Electronics” korxonasi endilikda “Rosso Electronics” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan televizorlar uchun ulanish kabel simlarini yetkazib beradi.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Rosso” brendi ostida televizorlar ishlab chiqaruvchi mazkur korxonaning loyiha qiymati 1,4 mln dollar bo‘lib, milliy bozorlarimizda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Korxona muassisi Shuxrat Abbosovning fikriga ko‘ra, yiliga 60-70 ming donagacha televizorlar ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda. Kelgusi yildan boshlab korxona yillik quvvatni 100 ming donaga yetkazish harakatida.

Avvallari, “Rosso” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan televizorlarning aksariyat butlovchi qismlari, hatto elektr ta’minotiga ulanuvchi kabel-simlari ham xorijdan import asosida kirib kelgan edi.

Korxona rahbari Rustam Abbasovning so‘zlariga ko‘ra, imzolangan kelishuvga ko‘ra, korxona iqtisodi ancha tejalib, qariyb 30 mln so‘mlik mablag‘ korxona hisobida qoldi. Xarid qilingan 50 ming dona kabel-shnurlar sifatli bo‘lish barobarida hamyonbop hisoblanadi. Yil oxirigacha yana 30 ming dona xuddi shunday mahsulotlarga buyurtma beriladi.

Jizzax viloyatida joylashgan “Trust Electronics” MChJ korxonasi 2013 yildan boshlab maishiy texnikaning barcha turlari uchun ulanish kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Korxona yiliga 5,0 mln dona ana shunday mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Respublikaning 15 dan ortiq sanoat korxonalariga mahsulot yetkazib bermoqda.

Hududlarda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar tadbirkorlarga ancha qulayliklar tug‘dirib, ularning ishlab chiqarish salohiyatini oshirmoqda. Buning natijasida import mahsulotlari hajmi kamayib, mahalliylashtirilgan mahsulot turlari ko‘payib bormoqda.